Oliy toifali o‘qituvchilarga ipoteka badalining 25 foizi budjetdan qoplab beriladi

Pul mablag‘lari 15 yillik ish stajiga ega pedagoglarga birlamchi uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25%ini qoplash uchun yo'naltiriladi.
2026-yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga ega va oliy malaka toifasidagi (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda 19-fevral kuni qabul qilingan hukumatning VMQ-69-son qarorida belgilandi.
Mazkur tartibga ko‘ra, subsidiya birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlariga tatbiq etiladi. Kreditlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Dastur doirasida har yili budjetdan 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Quyidagi talablarga javob beradigan pedagoglar subsidiya olish uchun ariza topshirishi mumkin:
- kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lishi;
- oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi)ga ega bo‘lishi;
- ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
- 60 yoshdan oshmagan bo‘lishi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal — my.gov.uz orqali bepul qabul qilinadi. Hujjatlar subsidiya.idm.uz platformasi orqali inson omilisiz ko‘rib chiqiladi va to‘lovlar subsidyplatform.mf.uz orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Ariza beruvchining:
- turmush o‘rtog‘i bilan rasmiy nikohda ekani;
- o‘z nomida yoki turmush o‘rtog‘i nomida ikki va undan ortiq uy-joy mavjud emasligi;
- 15 yillik ish stajiga egaligi va hozirda ishlayotgani;
- oliy malaka toifasiga egaligi;
- kredit tarixining bank talablariga mosligi tekshiriladi.
Ijtimoiy mezonlarga mos kelgan talabgor subsidiya olish huquqini qo‘lga kiritadi. Biroq subsidiya ajratilgani ipoteka krediti albatta beriladi degani emas — kredit ajratish masalasi bank tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.
Quyidagi holatlarda ariza avtomatik rad etiladi:
- noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumot taqdim etilganda;
- kredit tarixi talabga javob bermaganda;
- ilgari boshqa uy-joy subsidiya dasturidan foydalanilganda;
- ajratilgan mablag‘lar tugaganda.
Subsidiya bir oila (er yoki xotin) uchun faqat bir marta beriladi.
Shuningdek, mablag‘lar ariza beruvchining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidagi uy-joy xaridi uchun yo‘naltiriladi. Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar Toshkent viloyatidan uy-joy sotib olishi mumkin.
Avvalroq 1-sentabrdan elektromobil xaridi uchun yillik 16 foizgacha stavkada avtokreditlar ajratilishi ma’lum qilingandi.