Olmaotada 1-maygacha haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yiladi

Olmaotada 1-maygacha haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yiladi

Olmaotada 2026-yil 1-maygacha haydovchisiz taksi xizmati ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Shahar raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Meyram Dyusyukovning aytishicha, Yandex Kazakhstan bilan hamkorlikda 50 ta avtopilotli avtomobilni yo‘llarga chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastur doirasida xizmatni Ostonada ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Qozog‘istonning sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi avvalroq pilot loyihaning tafsilotlarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, tashabbusga Yandex Kazakhstan’dan tashqari boshqa kompaniyalar ham jalb qilinadi. Xususan, inDrive bilan ham haydovchisiz taksilarni ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolangan.
Birinchi bosqichda texnologiyalar maxsus poligonda sinovdan o‘tkaziladi, yo‘nalishlar ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng avtomobillar shahar sharoitida kelishilgan marshrutlar bo‘yicha, doimiy nazorat ostida harakatlana boshlaydi.
Loyiha L4 darajadagi avtonom boshqaruvni nazarda tutadi — bunda avtomobil oldindan belgilangan sharoitlarda haydovchisiz harakatlanadi. O‘tish davrida L3 formati ham qo‘llanishi mumkin, ya’ni zarurat tug‘ilganda boshqaruvni o‘z zimmasiga olishga tayyor haydovchi bo‘ladi.
Sinovda foydalaniladigan avtomobillarning aniq modellari hozircha ma’lum emas. Xizmat ko‘rsatish tartibi hamda yo‘lovchilarning maksimal soni tajriba loyihasini tayyorlash jarayonida belgilanadi.
Haydovchisiz taksi narxlari operatorlar tomonidan mustaqil ravishda, bozor sharoiti, texnologiya va infratuzilma xarajatlari hamda amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib belgilanadi.
Avvalroq Tesla AQShning Ostin shahrida o‘zini o‘zi boshqaradigan robotaksilarni sinov tariqasida ishga tushirgan edi. Sinovlar 2025-yil oxirida boshlangan bo‘lsa, xizmat yo‘lovchilar uchun yaqinda taqdim etildi.
Olmaotada 1-maygacha haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yiladi | 12news