Oltin narxi tarixiy rekordni yangiladi

Jahon bozorida oltin narxi navbatdagi rekordni qayd etdi — bir unsiya uchun 4400 dollardan oshdi. BBC News xabariga ko‘ra, 22-dekabr kuni oltinning spot narxi 4420 dollargacha yetgan, shundan so‘ng biroz pasaygan.
Narxlarning keskin oshishiga dunyodagi geosiyosiy vaziyatning murakkablashuvi hamda AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan foiz stavkalari pasaytirilishi kutilayotgani asosiy sabab bo‘ldi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, investorlar FZT 2026-yilda stavkalarni ikki marotaba pasaytirishini taxmin qilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ham yumshoq pul-kredit siyosatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Foiz stavkalari pasayishi obligatsiyalar kabi an’anaviy investitsiyalarning daromadliligini kamaytiradi. Shu sababli investorlar foyda olish va risklarni kamaytirish maqsadida oltin, kumush kabi qimmatbaho metallarni faol sotib olmoqda.
Goldman Sachs tahlilchilarining ta’kidlashicha, talabning oshishiga yana bir muhim omil — markaziy banklarning jismoniy oltin zaxiralarini ko‘paytirayotgani. Bu orqali ular iqtisodiy beqarorlikka qarshi himoyalanish, AQSh dollariga qaramlikni kamaytirish va zaxiralarni diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Mutaxassislar bu jarayon 2026-yilda ham davom etishini kutmoqda.
Shuningdek, AQSh dollarining zaiflashuvi ham oltin narxining ko‘tarilishiga ta’sir qildi — bu holat xorijiy xaridorlar uchun metallni yanada jozibador qildi.
Boshqa qimmatbaho metallar ham o‘sish ko‘rsatdi: kumush narxi bir unsiya uchun 69,44 dollarga yetib, tarixiy rekord o‘rnatdi, platina esa 17 yil ichidagi eng yuqori darajaga — 2072,01 dollarga chiqdi, deya xabar berdi Reuters.
Yil boshidan buyon oltin narxi 68 foizdan ko‘proqqa oshdi. Bu ko‘rsatkich 1979-yildan beri kuzatilgan eng yuqori o‘sish hisoblanadi
Sizga yoqadi


