OpenAI’da 555 ming dollarlik lavozim: nega unga munosib nomzod topish qiyin?

OpenAI kompaniyasi yiliga 555 ming dollar maosh to‘lanadigan “tayyorgarlik bo‘yicha rahbar” (head of preparedness) lavozimi uchun nomzod izlamoqda. Biroq mutaxassislar bu o‘ringa munosib nomzod topish oson bo‘lmasligini aytmoqda.
Bu lavozim egasi sun’iy intellekt xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlar va OpenAI bosh direktori Sem Altmanning tezkor mahsulot chiqarish siyosati o‘rtasida muvozanatni saqlashi kerak bo‘ladi. 2025-yilda kompaniya qisqa vaqt ichida bir nechta yangi AI mahsulotlarini ishga tushirdi.
Ekspertlarga ko‘ra, bu rol juda stressli bo‘lib, ayrim holatlarda rahbar kompaniya rahbariyatiga qarshi chiqib, jarayonni sekinlashtirish zarurligini aytishga majbur bo‘ladi. Sem Altman ham bu lavozimni “juda og‘ir ish” deb ta’riflagan.
OpenAI lavozim uchun an’anaviy talablarni belgilamagan. Kompaniya texnik jamoalarni boshqara oladigan, xavfsizlik bo‘yicha muhim qarorlar qabul qila oladigan va AI sohasida chuqur bilimga ega mutaxassis izlamoqda.
Kompaniyaning AI xavfsizligiga yondashuvi avval ham bahslarga sabab bo‘lgan, ayrim xodimlar iste’foga chiqqan. Shu sababli yangi rahbar nafaqat texnik, balki jamoatchilik ishonchini saqlash vazifasini ham bajarishi kerak bo‘ladi.
Sizga yoqadi


