“Orion” kosmik kemasi Oyga yo‘l oldi: insoniyat 50 yildan so‘ng yana Yer orbitasidan chiqdi

Artemis II missiyasi doirasida uchirilgan “Orion” kosmik kemasi Oy tomon parvoz trayektoriyasiga muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu voqea tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, insonlar 1972-yildagi Apollo 17dan beri ilk bor Yer orbitasini tark etdi.
AQShning NASA ma’lumotiga ko‘ra, 2-aprel kuni kema dvigatellari “translunar in’eksiya impulsi”ni amalga oshirdi. Qariyb olti daqiqa davom etgan ushbu manevr natijasida “Orion” Yer orbitasidan chiqib, Oy sari yo‘naltirildi.
Missiya doirasida to‘rt nafar astronavt — Reid Wiseman, Victor Glover, Christina Koch hamda Jeremy Hansen parvoz qilmoqda. Ular Oy yuzasiga qo‘nmaydi, balki uning atrofida aylanib, kosmik kemaning tizimlarini sinovdan o‘tkazadi.

Parvoz dasturiga ko‘ra, “Orion” Oy atrofini aylanib o‘tadi, uning orqa tomonidan uchadi va ilmiy kuzatuvlar olib boradi. Astronavtlar Oy yuzasini suratga olish va videotasvirga tushirish bilan birga, uzoq koinot sharoitida kema boshqaruv tizimlari qanday ishlashini baholaydi.
Missiya taxminan 10 kun davom etadi. Parvoz yakunida kosmik kema Yerga qaytishi rejalashtirilgan.
Missiya komandiri Reid Wisemanning ta’kidlashicha, parvoz davomida eng ta’sirli lahzalardan biri Yerning koinotdan ko‘rinishi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sayyora to‘liq holda — qutbdan qutbgacha — aniq ko‘rinadi va bu ekipajda kuchli taassurot qoldirgan.

Mutaxassislar “Artemis II” missiyasini insoniyatning Oyga qaytish dasturidagi muhim bosqich sifatida baholamoqda. Ushbu parvoz kelgusida rejalashtirilayotgan qo‘nish missiyalari uchun texnologik va operatsion tayyorgarlik vazifasini bajaradi.