O‘zbekiston 2025 yilda Xitoyga gaz eksportidan 773 mln dollar daromad oldi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasiga tabiiy gaz yetkazib berishdan 773 million dollar daromad oldi. Bu haqda TASS agentligi Xitoy bojxona statistikasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, ichki bozorda energiya resurslariga bo‘lgan talab oshib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib beruvchi beshta yirik davlat qatorida qolmoqda.
Xitoy bozorida gaz eksporti bo‘yicha yetakchilikni Rossiya saqlab qoldi. 2025 yilda Rossiyaning Xitoyga gaz yetkazib berishdan tushgan daromadi 9,41 milliard dollarni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston bo‘lib, ushbu mamlakatning eksport hajmi 8,41 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Uchinchi o‘rinni 1,53 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan Myanma egallagan. Qozog‘iston esa Xitoyga gaz eksportidan 1,13 milliard dollar daromad olib, to‘rtinchi pog‘onadan joy oldi. O‘zbekiston ushbu reytingda beshinchi o‘rinni band etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning quvur orqali import qilinadigan gazga bo‘lgan ehtiyoji izchil o‘sib bormoqda. Jumladan, 2024 yilda Xitoyning xorijdan quvur orqali sotib olgan gazi hajmi 21,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 8,6 foizga ko‘pdir. 2025 yil ko‘rsatkichlari ham Xitoy sanoati va kommunal sektorida uglevodorodlarga talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston gazi asosan “Markaziy Osiyo – Xitoy” magistral gaz quvuri orqali yetkazib beriladi. Ushbu gaz quvuri Xitoyning ilk transmilliy gaz loyihasi bo‘lib, tarmoqlari bilan birga umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan oshadi va Turkmaniston–O‘zbekiston chegarasidan Gonkonggacha cho‘zilgan.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


