O‘zbekiston 5 million nafar sun’iy intellekt yetakchisini tayyorlashni rejalashtirmoqda

2026-yildan boshlab O‘zbekistonda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida keng ko‘lamli kadrlar tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida 2026-yilda 500 ming nafar mutaxassisni o‘qitish, 2035-yilgacha esa umumiy hisobda 5 million kishini tayyorlash rejalashtirilgan.
Mazkur loyihani amalga oshirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 31 dekabrdagi qarori bilan belgilangan. Loyiha dekabr oyida O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida ishga tushirilgan bo‘lib, ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev hamda BAA hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Rag‘batlantirish tizimi
Loyiha doirasida har yili yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar o‘rtasida milliy tanlov o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar, o‘qituvchilar hamda ta’lim muassasalari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
- 100 nafar o‘qituvchiga 1000 dollar ekvivalentida pul mukofoti;
- 10 nafar o‘qituvchiga xorijiy sayohatlar;
- 500 nafar yoshga noutbuklar;
- 500 nafar yoshga qimmatbaho sovg‘alar;
- 3 ta oliy ta’lim muassasasiga pul mukofotlari;
- 2 ta umumta’lim maktabiga prezident sovg‘asi sifatida elektromobil.
Loyiha boshqaruvi
Loyihani muvofiqlashtirish maqsadida maxsus komissiya tashkil etildi. Komissiya hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilaydi, joylardagi ijroni nazorat qiladi, ishtirokchilarni baholash tartibini tasdiqlaydi hamda mukofotlash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
Komissiya tarkibiga raqamli texnologiyalar vaziri raisligida yetti nafar a’zo, shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari rahbarlarining o‘rinbosarlari, IT-ta’lim assotsiatsiyasi raisi hamda Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori kiritilgan.
“Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi kengaytiriladi
Shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi Qoraqalpog‘iston va viloyat markazlarida kengaytiriladi. Loyiha doirasida zamonaviy kasblar, jumladan IT loyiha menejeri va startap loyihalar menejeri yo‘nalishlari hamda xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, xalqaro professional IT-sertifikatlarni olish uchun bepul kurslar tashkil etiladi, shuningdek informatika, robototexnika, kibersport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
Sizga yoqadi


