O‘zbekiston BYD elektromobillari eksportini boshlaydi va yangi Kia modelini taqdim etadi

O‘zbekiston BYD elektromobillari eksportini boshlaydi va yangi Kia modelini taqdim etadi

Jizzax viloyati avtomobilsozlik markaziga aylanib, eksport faoliyatini kengaytirmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil ichida hudud agrar yo‘nalishdan sanoatlashgan hududga aylangan. Hozirda sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 50 foizdan oshib, 60 foizga yaqinlashmoqda.
Viloyat avtomobilsozlik sohasida ham muhim markazlardan biriga aylanmoqda. Xususan, BYD korxonasi ilk bor elektromobillar eksportini yo‘lga qo‘yadi. Dastlabki yetkazib berishlar Qozog‘istonga amalga oshiriladi, shuningdek, Termiz orqali Afg‘oniston bozoriga chiqish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 27-aprel kuni hududda Kia avtomobillarining yangi modeli taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Rasmiylarga ko‘ra, joriy yildan eksport ham boshlanadi va bu borada 15 mln dollarlik shartnoma imzolangan.
Umuman olganda, O‘zbekistonda avtomobil bozori ham o‘sishda davom etmoqda. 2026-yilning birinchi choragida 91 mingdan ortiq avtomobil sotilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,9 foizga oshdi.
Bozorda yetakchilikni UzAuto Motors saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, uning ulushi qisqarmoqda. Shu bilan birga, BYD Uzbekistan Factory eng tez o‘sayotgan brendlardan biri sifatida ajralib turibdi — kompaniya uch oyda 7,8 mingga yaqin avtomobil sotishga erishdi.
O‘zbekiston BYD elektromobillari eksportini boshlaydi va yangi Kia modelini taqdim etadi | 12news