O‘zbekiston fondlari sarmoyasi “portladi”: zypl.ai startapidagi investitsiya 13 baravar oshdi

O‘zbekiston fondlari sarmoyasi “portladi”: zypl.ai startapidagi investitsiya 13 baravar oshdi

11-mart kuni zypl.ai startapi investor Hofiz Shahidiydan 2 million dollar sarmoya jalb qildi. Bitim natijasida startapning umumiy qiymati 80 million dollarga baholandi.

Mazkur startap 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022-yilda dastlabki investitsiya bosqichida 6 million dollarga baholangan edi. O‘sha paytda AloqaVentures fondi 150 ming dollar, UzVC venchur fondi esa 100 ming dollar sarmoya kiritgan.
Kiritilgan mablag‘ evaziga AloqaVentures startapning 2,5 foiz, UzVC esa 1,67 foiz ulushiga ega bo‘lgan.
2025-yil oktyabrida AloqaVentures o‘z ulushining yarmini sotib, 451,5 ming dollar daromad oldi. Bu esa kiritilgan investitsiyaga nisbatan 6 baravardan ortiq foyda degani. Hozirda fond ixtiyorida qolgan 1,25 foiz ulushning qiymati esa qariyb 1 million dollarga teng.
Natijada AloqaVenturesning sotilgan va saqlanib qolgan ulushlari umumiy qiymati 1,45 million dollarga yetdi. Bu esa dastlabki investitsiyadan 9,7 baravar ko‘pdir.
UzVC venchur fondi esa startapdagi ulushini hozirgacha sotmagan. Joriy baholashga ko‘ra, fondning investitsiyasi 1,34 million dollarga teng bo‘lib, bu dastlab kiritilgan mablag‘dan 13,3 baravar yuqori.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, har ikki fond ham startapdagi ulushini saqlab qolayotganligi sababli, kelgusida ularning daromadi bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston fondlari sarmoyasi “portladi”: zypl.ai startapidagi investitsiya 13 baravar oshdi | 12news