O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi chorakda 8,7 foizga o‘sdi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Prezident raisligida 24-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning yuqori o‘sishi barcha asosiy tarmoqlarda ijobiy dinamikalar bilan ta’minlandi. Jumladan, sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 5,1 foizga oshdi.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 6,8 foizni tashkil etgan edi. Shunday qilib, joriy yil boshidagi natija o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foiz bandga tezlashdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, 2018-yildan buyon birinchi chorak yakunlari bo‘yicha bunday yuqori o‘sish sur’ati qayd etilmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari kesimida O‘zbekiston yuqori natijalardan birini ko‘rsatdi. Hisobot davrida Qirg‘iziston iqtisodiyoti 10,1 foiz o‘sish bilan yetakchilik qilgan bo‘lsa, Tojikistonda bu ko‘rsatkich 8 foizni, Qozog‘istonda esa 3 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy o‘sish sur’ati O‘zbekistonda tezlashgan bo‘lsa, boshqa mintaqa davlatlarida aksincha sekinlashish kuzatildi. Jumladan, Qirg‘izistonda o‘sish 3 foiz bandga, Qozog‘istonda 2,8 foiz bandga, Tojikistonda esa 0,2 foiz bandga pasaydi.