O‘zbekiston Janubiy Koreyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini yuborishi mumkin

Andijon viloyati Janubiy Koreyaning Jeollabuk-do provinsiyasi bilan mehnat migratsiyasi sohasida kelishuv imzoladi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi rahbariyati hamda Andijon viloyati vakillari Jeollabuk-do provinsiyasining Buan okrugi hokimi Kweon Ig-hyeon bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralar yakunida mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini jalb etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan.
Kelishuv Koreya Adliya vazirligi talablariga muvofiq, ishchi kuchini yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlarni aniq belgilashni nazarda tutadi. Hujjat doirasida tomonlar mavsumiy ishchilarni jalb qilish va boshqarish, noqonuniy qolib ketish holatlarining oldini olish, shuningdek, mehnat shartlari va migratsiya qoidalariga rioya etish masalalarida hamkorlik qiladi.
Koreya tomoni ushbu kelishuv qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniy va barqaror mehnat tizimini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabr oyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ishchi vizalari bo‘yicha kelishuv imzolangan bo‘lib, u malakali mutaxassislar uchun E-7 vizalarini berishni nazarda tutadi. Oktabr oyida esa mavsumiy ishchilar uchun E-8 vizalarini berishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Avvalroq Janubiy Koreya malakasiz migrantlar uchun kvotani 80 mingtagacha qisqartirgani haqida xabar berilgandi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


