O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari besh oy ketma-ket rekordni yangiladi — $66,3 mlrd

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket besh oy davomida tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatiga mamlakatning xalqaro zaxiralari $66,31 mlrd.ga yetdi.
Dekabr oyida zaxiralar hajmi $5,07 mlrd.ga yoki 8,3 foizga oshgan. Yillik hisobda esa xalqaro aktivlar 61 foizga ko‘paygan.
Oltin zaxiralari qiymati ham ketma-ket olti oy davomida rekordni yangilab, ilk bor $55 mlrd.dan oshdi. Xususan, Markaziy bank omborlaridagi oltinning umumiy qiymati $55,09 mlrd.ni tashkil etib, bir oyda $4,2 mlrd.ga (+8,32%) oshgan.
Shuningdek, oltinning fizik hajmi ham ko‘paygan. Dekabr oyida regulyator zaxiralarni qariyb 0,4 mln troya unsiyasi (12,4 tonna) oltin bilan to‘ldirgan. Natijada umumiy hajm 12,6 mln unsiya yoki 391,9 tonnaga yetgan.
Jahon bozorida oltin narxlari yuqori darajada saqlanib qolmoqda. O‘tgan yil oxirida oltinning bir troya unsiyasi $4500 dan oshgan. Bozordagi qisqa muddatli tuzatishlarga qaramay, ekspertlar 2026 yilga borib oltin narxi $5 minggacha yetishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Valyuta qismidagi zaxiralar ham sezilarli oshgan. Ular dekabr oyida $829,1 mln.ga (+8,45%) ko‘payib, $10,64 mlrd.ni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning $1,48 mlrd qismi xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi hisoblarda, $7,6 mlrd esa boshqa xorijiy kredit muassasalarida saqlanmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy bank portfelidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar qiymati $1,53 mlrd.ga yetgan. Biroq ularning umumiy rasmiy zaxiralardagi ulushi 2,31 foizgacha qisqargan.
Sizga yoqadi


