O‘zbekiston startap ekotizimi $4,3 milliardga yetdi — Dealroom hisobot

Dealroom.co’ning 2026-yil 1-chorak hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning startap ekotizimi umumiy qiymati 4,3 milliard dollarga baholandi. 2025-yil 4-choragida bu ko‘rsatkich 3,9 milliard dollarni tashkil etgan edi.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi besh yil ichida startap ekotizimi o‘sish sur’ati bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Ushbu davr mobaynida ekotizim qiymati 7,89 baravarga oshgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Nepal (3,97 baravar) va Janubiy Koreya (3,27 baravar) kabi davlatlarni ortda qoldirdi.
Shuningdek, mamlakat so‘nggi besh yil davomida Enterprise Value (EV) o‘sishi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallagani qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, bu O‘zbekistonda startaplar faollashuvi va venchur investitsiyalar hajmi ortib borayotganini, shuningdek, ekotizim qiymati barqaror ijobiy dinamikani saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.