O’zbekistonda 17-22-mart qanday ob-havo kutilyapti?

O’zbekistonda 17-22-mart qanday ob-havo kutilyapti?

O‘zbekistonda hafta davomida havo isib boradi, dam olish kunlari +25 darajagacha yetadi.

O‘zbekistonda joriy hafta davomida havo harorati asta-sekin ko‘tarilib borishi kutilmoqda. Haftaning oxiriga kelib, ayrim hududlarda harorat +22…+25 darajagacha yetishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim kunlari qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatilishi ehtimoli bor.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, hafta boshida mamlakat hududiga Turkmaniston tomondan iliq havo massalari kirib keladi. Shuningdek, janubiy siklonlar ham ob-havoga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli hafta boshlarida kechalari salqin, kunduzlari esa nisbatan iliq ob-havo kuzatiladi.
Hafta o‘rtalaridan boshlab nam havo oqimlari kirib kelishi natijasida tungi harorat ham asta-sekin ko‘tariladi. Natijada mamlakatda Navro‘z bayrami arafasiga xos — biroz yomg‘irli va bahoriy ob-havo shakllanishi kutilmoqda.
Yog‘ingarchilik qaysi hududlarda bo‘ladi?
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra:
  • Dushanba kuni respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi.
  • Seshanba kuni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
  • Chorshanba kuni janubiy hududlar bilan birga Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik ehtimoli bor.
  • Payshanba kuni Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand hamda janubiy viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir kuzatiladi.
  • Juma kuni esa respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmaydi.
Umuman olganda, hafta davomida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p bo‘lmaydi. Tog‘li hududlardan tashqari joylarda yog‘inlar asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi.
Harorat qanday bo‘ladi?
Hafta boshida tonggi harorat shimoliy va tog‘li hududlarda 0 darajadan past bo‘lishi mumkin. Boshqa viloyatlarda esa +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi.
Chorshanba kunidan boshlab tungi harorat ham ko‘tarilib boradi. Kunduzgi harorat esa hafta oxiriga kelib eng yuqori darajaga yetadi. Juma va dam olish kunlari ko‘plab hududlarda harorat +20 darajadan yuqori bo‘lishi, ayrim joylarda esa +25 darajagacha yetishi mumkin.
Shuningdek, seshanba kuni shimoliy hududlar va Qizilqum cho‘llarida shamol tezligi soniyasiga 20 metrgacha kuchayishi prognoz qilinmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hafta davomida kuzatiladigan ob-havo Navro‘z bayrami arafasiga xos bo‘lib, kuchli sovuq yoki keskin o‘zgarishlar kutilmaydi. Shu sababli ob-havo ko‘plab sohalar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
O’zbekistonda 17-22-mart qanday ob-havo kutilyapti? | 12news