O’zbekistonda 17-martdan metan zapravkalar to‘liq ishga tushadi

Ayrim hududlarda esa tartib saqlanadi.
17-mart kuni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) soat 10:00 dan boshlab cheklovlarsiz faoliyat yurita boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona vodiysi hududlarida “metan zapravkalar”ning ish vaqti gaz bosimi va mahalliy sharoitdan kelib chiqib, hokimliklar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Avvalroq sovuq ob-havo sabab mart oyi boshidan metan shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgandi. Xususan, 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab cheklov kuchga kirgan, 12-mart kuni esa zapravkalar faqat ijtimoiy soha va jamoat transportiga xizmat ko‘rsatgan.
Dam olish kunlari ham AGTKSHlar kun davomida atigi 6 soatdan ishlagan edi.
Shuningdek, tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha qishki limit aprel oyigacha uzaytirilmagani ma’lum qilingan. 16–31 mart kunlari uchun esa qo‘shimcha 50 kub metr gaz hajmiga pasaytirilgan — 1000 so‘mlik tarif joriy etilgan.