O‘zbekistonda 19–25 yanvar kunlari ob-havo qanday bo‘ladi?

19–25 yanvar kunlari O‘zbekiston hududida ob-havo asosan sovuq bo‘lib, haftaning o‘rtalarida yog‘ingarchilik, ayrim hududlarda qor yog‘ishi, dam olish kunlariga kelib esa haroratning yana pasayishi kutilmoqda.
Haftaning boshida respublika hududida quruq va sovuq ob-havo saqlanadi. Tungi va tonggi soatlarda shimoliy va tog‘li hududlarda havo harorati −13 darajagacha, boshqa hududlarda esa −5…−7 darajagacha pasayishi mumkin. Kunduzgi harorat bu kunlari +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidrometxabar berdi.
Chorshanba kuni havo harorati kunduzgi soatlarda biroz ko‘tariladi. Respublikaning ko‘p hududlarida kunduzgi harorat +10 darajaga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Surxondaryo viloyatida esa chorshanba kuni kunduzgi harorat +15 darajagacha yetishi mumkin. Shu kuni shimoliy hududlar hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik, ayrim joylarda qor yog‘ishi ehtimoli bor.
Payshanba kuni Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek vodiy hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat aksariyat hududlarda +8…+10 daraja atrofida bo‘ladi, tunlari esa havo harorati biroz yuqoriroq bo‘lib, keskin sovuqlar qayd etilmaydi.
Juma kuni ayrim hududlarda kuchli shamol esishi mumkin. Bu kuni ham ob-havo nisbatan sovuq bo‘lib, kunduzgi harorat +5…+8 daraja atrofida saqlanadi.
Dam olish kunlariga kelib havo harorati yana pasaya boshlaydi. Shanba tongida aholisi zich yashaydigan hududlarda haftaning eng sovuq harorati qayd etilishi mumkin. Xususan, Toshkent shahrida havo harorati −10 darajagacha tushishi ehtimoli bor. Kunduzgi harorat esa +3…+6 daraja atrofida bo‘ladi.
Yakshanba kuni yana bir nam havo oqimi mintaqaga yaqinlashib, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik olib kelishi mumkin. Tog‘li hududlarda esa hafta davomida deyarli har kuni qor yog‘ishi kutilmoqda.
Umuman olganda, 19–25 yanvar kunlari O‘zbekistonda ob-havo qish fasliga xos bo‘lib, sovuq, ayrim kunlari qorli va nam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


