O‘zbekistonda 21 yoshdan keyingi nikohlar rag‘batlantiriladi: boj bekor qilinadi, subsidiya oshiriladi

2027-yildan boshlab nikoh shartnomasi tuzgan yoshlar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish bojidan ozod etiladi, ayrim oilalarga beriladigan subsidiya va grantlar esa 1,5 baravarga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni ayollar va bolalar huquqlarini kuchaytirish hamda erta nikohlarning oldini olishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lib, birinchi marta nikohdan o‘tayotgan va nikoh shartnomasi tuzgan yoshlar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojidan ozod etiladi.
Agar bunday oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lsa, ularga beriladigan subsidiya, ssuda va grantlar 1,5 baravarga oshiriladi.
Shuningdek:
- Nikohlanuvchilarni “zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayot” kurslarida bepul o‘qitish qamrovi 2030-yilgacha 100 foizga yetkaziladi.
- 2026/2027-o‘quv yilidan homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga o‘qishni davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi, jumladan masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
- Voyaga yetmaganlar bilan nikohni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
- 2026-yil 1-sentabrdan erta nikoh haqida xabar bergan fuqarolarga undirilgan jarimaning 15 foizi beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18–19 yoshdagilar o‘rtasida tuziladi. Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra esa maqbul nikoh yoshi 21 yosh deb hisoblanadi.