O’zbekistonda 7-8-fevral kunlari qanday ob-havo kutilyapti?

Dam olish kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.
Havo harorati asta-sekin ko‘tarilib, kunduz kunlari +15 darajagacha yetadi. Ayrim joylarda tuman tushishi va shamol kuchayishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Juma kunining birinchi yarmida respublikaning katta qismida yomg‘ir va qor yog‘ishi kutiladi. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati kunduzi +1…+6 daraja, shimolda esa −2…−7 daraja atrofida bo‘ladi.
Shanba kuni mamlakat bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Faqat Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida yomg‘ir yoki qor yog‘ishi mumkin. Kechasi havo harorati −2…+3 daraja, kunduzi esa +7…+12 darajagacha ko‘tariladi.
Yakshanba kuni ham asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib qoladi. Kechasi havo harorati 0…+5 daraja, kunduzi +10…+15 darajani tashkil etadi.
Ba’zi hududlarda tuman tushishi mumkin. Shamol tezligi 7–12 m/s bo‘lib, 6 va 8-fevral kunlari ayrim joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘adi, qor ko‘chishi xavfi saqlanib qoladi.
Toshkent shahrida juma kunining birinchi yarmida yomg‘ir va qor yog‘ishi, tuman tushishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5–10 m/s tezlikda esadi, havo harorati +3…+5 daraja bo‘ladi.
Dam olish kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shanba kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat shanba kechasi −1…+1, kunduzi +9…+11 daraja, yakshanba kuni kechasi +1…+3, kunduzi esa +13…+15 darajani tashkil etadi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


