O‘zbekistonda barqaror tokenlar (stablecoin) muomalasi sinov tariqasida joriy etiladi

O‘zbekistonda barqaror tokenlar (stablecoin) muomalasi sinov tariqasida joriy etiladi

Yangi tartibga muvofiq, faqat milliy yoki xorijiy valyuta bilan to‘liq ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarishga ruxsat beriladi.

Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, mamlakatda stablecoinlardan foydalanish sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tajriba rejimi doirasida ishtirokchilar maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning faoliyati doimiy nazorat ostida bo‘ladi.
Yangi tartibga muvofiq, faqat milliy yoki xorijiy valyuta bilan to‘liq ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarishga ruxsat beriladi. Ular nafaqat ichki to‘lovlarda, balki xalqaro hisob-kitoblarda ham qo‘llanishi mumkin.
Shu bilan birga, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida ayrim turdagi tokenlar qat’iyan taqiqlanadi. Xususan, algoritmik, anonim hamda kripto-aktivlar bilan ta’minlangan tokenlarni chiqarish mumkin bo‘lmaydi.
Nizomda belgilanishicha, chiqariladigan barcha barqaror tokenlar real pul mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlanadi. Ushbu mablag‘lar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqlarda saqlanadi, bu esa foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha kafolat yaratadi.
Tajriba rejimi ishtirokchilari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ro‘yxatga olinadi va ularning faoliyati kiberxavfsizlik hamda moliyaviy barqarorlik talablari asosida nazorat qilinadi. Zarurat tug‘ilganda ishtirokchining maqomi bekor qilinishi ham mumkin.
Mazkur sinov loyihasi 12 oy davom etadi. Zarur holatlarda uning muddati uzaytirilishi mumkin, biroq umumiy davomiylik uch yildan oshmasligi belgilangan.
O‘zbekistonda barqaror tokenlar (stablecoin) muomalasi sinov tariqasida joriy etiladi | 12news