O’zbekistonda dam olish kunlari ob-havo prognozi- 21-22-fevral

Dam olish kunlari harorat pasayadi, ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi.
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bahor o‘rtalariga xos bo‘lgan bir necha kunlik iliq (+25 darajagacha) ob-havodan so‘ng O‘zbekistonda dam olish kunlari harorat biroz pasayadi. Shanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, yakshanba kuni esa havo ochiq bo‘lishi kutilmoqda.
Sinoptiklar xabariga ko‘ra, shanba kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali nam va salqin havo massalari kirib keladi. Juma kuni kunduzi esa respublikaning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi — havo harorati +20…+25 darajagacha ko‘tariladi. Bu ko‘rsatkichlar qishning so‘nggi oyidan ko‘ra bahor o‘rtalariga xos ekani ta’kidlanmoqda.
Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, shuningdek kechga tomon Buxoro viloyati hamda Navoiy viloyatining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning shimolida havo harorati +8…+13 daraja atrofida bo‘ladi.
21-fevral kuni kechasi va ertalab hududlarning aksariyat qismida (Qoraqalpog‘iston va Xorazmdan tashqari) yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ertalab va kunning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 21-fevral kuni yog‘ingarchilik (yomg‘ir va qor) ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Shamol tezligi 7–12 m/s ni tashkil etadi, ayrim hududlarda 13–18 m/s gacha, ba’zida esa 20–25 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Shanba kuni kunduzi harorat me’yoriy qiymatlarga tushib, +9…+14 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanba kuni esa respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati +15…+18 darajagacha ko‘tariladi. Dam olish kunlari kechasi va ertalab ayrim joylarga tuman tushishi mumkin.
Toshkent shahrida juma kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat +22…+24 daraja bo‘ladi. 21-fevralda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, kunduzi esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi va kunduzi +11…+13 daraja bo‘ladi. Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi +3…+5, kunduzi +14…+16 darajani tashkil etadi. Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim vaqtlarda 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin.