O‘zbekistonda ilk bor kriptomayning uchun ruxsat berildi

Ruxsat NexaGrid xususiy kompaniyasiga berilgan. Kompaniya Buxoro viloyatining Romitan tumanida mayning faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
19-yanvar kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan O‘zbekistonda birinchi marta kriptovalyuta mayningi faoliyatiga ruxsatnoma berildi. Bu haqda agentlikning mayning faoliyati uchun ruxsatnomalar elektron reyestridama’lum qilindi.
Ruxsat NexaGrid xususiy kompaniyasiga berilgan. Kompaniya Buxoro viloyatining Romitan tumanida mayning faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, NexaGrid 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 600 mln so‘mni tashkil etadi. Faoliyat turi — kompyuter uskunalarini boshqarish.
Ta’sischilar:
- Sultonov Toymurod Tavakkalovich — 63%
- Rozimurodov Mahmudjon Gafurovich — 37%
Kompaniya rahbari Toymurod Sultonov LinkedIn’dagi sahifasida loyiha “qonuniy, shaffof va qonun doirasida” amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uning yozishicha, NexaGrid qisqa muddatli “xayp” ortidan emas, balki Markaziy Osiyoda kelajak infratuzilmasini qurish g‘oyasi asosida tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sultonov 2017–2024-yillarda davlat xizmatida ishlagan, keyinchalik xususiy sektorda faoliyat yuritgan.
2023-yil kuzida ILMA tomonidan mayning faoliyatini amalga oshirish tartibi tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra:
- Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
- Asosan quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish shart.
- Yagona elektr tarmog‘iga ulanish mumkin, biroq bu holda elektr energiyasi ikki baravar tarifda to‘lanadi va tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha ustamalar qo‘llanadi.
- Ruxsatnoma 5 yil muddatga bepul beriladi va elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
- Arizalar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi, qaror esa 5 kun ichida qabul qilinadi.
Yashirin va ruxsatnomasiz mayning taqiqlanadi. Olingan kripto-aktivlar faqat litsenziyaga ega kripto-birjalarda sotilishi mumkin.
2024-yil bahorida ILMA rahbari o‘rinbosari Vyacheslav Pak Spot’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda qonuniy mayning-fermalar mavjud emasligini ma’lum qilgan edi. O‘sha paytda regulyatorga faqat bitta murojaat kelib tushgan, biroq u talablarga mos kelmagani sabab rad etilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 661 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tgan. Mamlakatda 21 ta kripto-xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda. 2022-yildan buyon soha vakillari tomonidan 107 mlrd so‘mdan ortiq boj va yig‘imlar to‘langan.
Shu tariqa, NexaGrid’ga berilgan ruxsat O‘zbekistonda kriptomayning sohasini qonuniy asosda rivojlantirish yo‘lidagi ilk amaliy qadam bo‘ldi.