O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi: minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi: minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m

O‘zbekistonda 2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘m etib belgilandi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 6,9 foizga oshgan. Bu haqda Prezident huzuridagi Statistika agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Jahon tajribasida ham minimal iste’mol xarajatlari kambag‘allik chegarasini belgilashda keng qo‘llanadi.
Ushbu ko‘rsatkich quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy yordamlariga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash;
- kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyalari va dasturlarining samaradorligini oshirish hamda ularni doimiy monitoring qilish;
- pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek kambag‘al oilalarga beriladigan moddiy yordamlarni aniqlash.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m etib belgilangan edi. 2024-yil davomida esa kambag‘allik chegarasi ikki marta oshirilgan. Dastlab yil boshida u 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Keyinchalik 1-maydan boshlab gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi sababli ko‘rsatkich yana 4,3 foizga oshirilib, 648 ming so‘m etib belgilangan. Natijada yil yakunida bu ko‘rsatkich 7,7 foizga o‘sgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 9,8 foizga nisbatan pasaygani qayd etilgan.
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi: minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m | 12news