O‘zbekistonda oltin “bumi”: 2025-yilda aholi rekord darajada quyma xarid qildi

2025-yilda O‘zbekiston aholisi oltinga misli ko‘rilmagan darajada qiziqish bildirdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida 661 kilogramm oltin quyma sotilgan bo‘lib, bu umumiy savdoning yarmidan ko‘pini tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda oltin quymalar aholiga 2020-yil noyabr oyidan boshlab sotila boshlagan. Shu vaqt ichida jami 1,2 tonna oltin realizatsiya qilingan.
Mutaxassislar bunday keskin o‘sishni, avvalo, jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada oshgani bilan izohlamoqda. Xususan, 2025-yilda oltinning daromadliligi bank omonatlariga nisbatan qariyb uch baravar yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan banklarga qaytarib sotilgan oltin hajmi ham e’tiborga molik — umumiy hisobda 201 kilogramm quyma qayta sotilgan.
Bundan tashqari, 2025-yilda aholining oltindagi depozitlari ham keskin oshib, ushbu qimmatbaho metallga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanganini ko‘rsatdi.