O‘zbekistonda oltin narxi ketma-ket uchinchi kun rekord yangiladi

2026-yil 23-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining sotish narxi 1 mln 959 ming so‘mni tashkil etdi. Shu tariqa, oltin narxi ketma-ket uchinchi kun rekord ko‘rsatkichni yangiladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oltin quymasini qaytarib sotib olish narxi uning qadog‘i butun bo‘lgan taqdirda sotish narxidan 5 foizga past belgilangan. Taqqoslash uchun, 22-yanvar kuni ushbu tafovut 4 foizni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, oltin narxi so‘nggi ikki kun ichida 3,3 foizga, o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan esa 65,5 foizga oshgan.

Oltin narxlaridagi o‘sish jahon bozorida ham kuzatilmoqda. Xususan, 23-yanvar kuni soat 9:50 holatiga ko‘ra, oltinning 1 troy unsiyasi 4957 dollarni tashkil etib, bu ham rekord daraja sifatida qayd etildi.
Bloomberg nashrining yozishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha da’volari hamda Yevropaga nisbatan bojlarni oshirish haqidagi bayonotlari oltin narxining ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellga nisbatan ehtimoliy jinoiy ayblovlar va Markaziy bank mustaqilligiga tahdidlar investorlar orasida xavotirni kuchaytirgani qayd etilgan.
Ekspertlar fikricha, savdo urushlari va geosiyosiy noaniqliklar sharoitida xavfsiz aktiv sifatida qaraluvchi oltinga talab oshib bormoqda.
Invesco Asset Management kompaniyasining global bozorlar bo‘yicha mutaxassisi Devid Chao inflyatsiya yoki moliyaviy beqarorlik sharoitida oltinga bo‘lgan talab 2026-yilda ham yuqori bo‘lib qolishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, tadqiqotchi Aleksey Mixeyev bozor hozirda haddan tashqari qizib ketganini, oltin narxi uzoq muddat barqaror bo‘lmasligi mumkinligini bildirdi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


