O‘zbekistonda oltin narxi tarixiy rekordni yangiladi

25 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 788 ming so‘mni tashkil etdi.
Bu Markaziy bank tomonidan qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, oltin quymalari savdosi boshlanganidan beri ilk bor bunday darajaga chiqdi.
Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oltin narxi bir kun ichida 0,3 foizga, yil boshidan buyon esa qariyb 60 foizga oshgan. Joriy yil davomida oltin narxi 45 martadan ortiq rekord yangilagan.
Jahon bozorida ham oltin narxlari yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, 24 oktyabr kuni oltinning 1 troy unsiyasi ilk bor 4 500 dollardan oshdi. Biroq 25 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:52 holatiga ko‘ra, narx 4 480 dollar atrofida bo'ldi.
Shu bilan birga, 2025 yil davomida oltin bozorida keskin tebranishlar ham kuzatildi. Jumladan, 27 oktyabr kuni oltinning 1 troy unsiyasi narxi 4 ming dollardan pastga tushib, kun davomida 3 970 dollargacha pasaydi. Bu 10 oktyabrdan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich bo‘lgan.
Reuters nashrining yozishicha, narxlarning pasayishiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarining yaxshilanishi sabab bo‘lgan. Tahlilchilarga ko‘ra, agar ikki davlat o‘rtasida savdo kelishuvi imzolansa, xavfsiz aktivlarga, jumladan oltinga bo‘lgan talab kamayishi mumkin.
Jahon bozorida oltin narxining yuqori bo‘lishi O‘zbekiston eksport ko‘rsatkichlarida ham aks etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyida mamlakat qariyb 10 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan — bu ham rekord natija hisoblanadi.
Sizga yoqadi


