O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,37 mln so‘mni tashkil etdi

2025 yil yanvar–dekabr yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha nominal hisoblangan oylik ish haqi 6,37 million so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 18,9 foizga oshgan. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida ma’lum qilindi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 10,75 million so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati (7,87 million so‘m) hamda Toshkent viloyati (5,96 million so‘m) joylashgan. Eng past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (4,47 million so‘m) va Surxondaryo viloyatlarida (4,48 million so‘m) kuzatilgan. Shu bilan birga, ish haqi o‘sish sur’ati bo‘yicha Namangan viloyati yetakchi bo‘lib, bu yerda o‘sish 22,8 foizni tashkil etgan.
Faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta va lizing sohalarida qayd etilgan — 17 million 597,5 ming so‘m. Axborot va aloqa sohasida bu ko‘rsatkich 15,29 million so‘mni, tashish va saqlash sohasida esa 9,65 million so‘mni tashkil etgan.
An’anaviy ravishda eng past ish haqi ijtimoiy sohalarda saqlanib qolmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida o‘rtacha ish haqi 3,90 million so‘m, ta’lim sohasida esa 4,37 million so‘mni tashkil etgan.
Bunda ish haqi eng tez o‘sayotgan soha sifatida san’at, ko‘ngilochar va dam olish yo‘nalishlari qayd etilgan — bu sohada daromadlar 26,4 foizga oshib, 5,44 million so‘mga yetgan. Ta’lim sohasida esa ish haqi o‘sishi 20,1 foizni tashkil etgan.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


