O‘zbekistonda parvarishlovchilarga yangi nafaqa joriy etiladi

O‘zbekistonda parvarishlovchilarga yangi nafaqa joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga qaratilgan yangi takliflarni ma’qulladi. Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab parvarishga muhtoj shaxslar va ularning oilalari uchun qo‘shimcha yordam choralarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Yangi tartibga asosan, 2026-yil 1-sentabrdan 18 yoshdan katta, chuqur darajadagi aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlayotgan qonuniy vakillarga har oylik nafaqa to‘lanadi. Bu parvarish bilan band bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyungacha rivojlanishida nuqsonlari aniqlangan 0–3 yoshli bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xizmat doirasida bolalarga maxsus pedagoglar va mutaxassislar tomonidan korreksion, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalar uchun qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu choralar nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini yaxshilash, ularga oilaviy muhitga yaqin sharoit yaratish hamda ularni parvarishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda parvarishlovchilarga yangi nafaqa joriy etiladi | 12news