O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari tekshiruvi kuchayadi, soliq tushumlari oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev soliq tizimini yanada takomillashtirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi. Endilikda ayniqsa bank kartalari o‘rtasidagi P2P (odamdan odamga) o‘tkazmalar ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, raqamli tahlil va sun’iy intellekt asosida “aqlli” nazorat tizimi joriy etiladi. Shu orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum keltirish rejalashtirilmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, asosiy zaxira yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishda. Shu maqsadda:
- P2P o‘tkazmalar monitoringi kuchaytiriladi,
- tovarlar markirovkasi kengaytiriladi,
- yuk tashishdagi noqonuniy holatlar avtomatik aniqlanadi,
- norasmiy ishlayotgan fuqarolar rasmiylashtiriladi.
So‘nggi yillarda soliq tushumlari sezilarli oshgan bo‘lsa-da, ayrim sohalarda hali katta muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, bozorlar va savdo majmualarida raqamlashtirish yetarli darajada emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra:
- 72 mingdan ortiq savdo subyekti mavjud,
- ularning yarmiga yaqini juda past aylanma ko‘rsatmoqda,
- ko‘plab tadbirkorlar kuniga atigi 2–3 ta chek rasmiylashtiradi,
- minglab savdo nuqtalari ijara shartnomalarisiz ishlamoqda.
Natijada o‘n minglab tadbirkorlar juda kam miqdorda soliq to‘layapti.
Shu sababli bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish, barcha tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish va nazoratni kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.