O‘zbekistonda qishki gaz limiti uzaytirilmadi: 16–31 mart kunlari uchun yangi tartib e’lon qilindi

O‘zbekistonda tabiiy gaz uchun belgilangan qishki limit mart oyining ikkinchi yarmiga uzaytirilmadi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra,16–20 mart kunlari mamlakat hududlarida havo harorati kunduzi +22°C gacha, kechasi esa +10°C atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli 16 martdan boshlab gaz iste’moli uchun yangi bazaviy me’yor joriy etildi.
Mart oyining ikkinchi yarmi uchun gaz normasi
16 martdan 31 martgacha bo‘lgan davrda aholiga quyidagi gaz limiti amal qiladi:
- har oy uchun 100 kub metr bazaviy me’yor belgilanadi;
- Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati hududlarida bu tartib 1-oktabrgacha amal qiladi.
Mart oyining birinchi yarmida (1–15 mart) 500 kub metr qishki norma amal qilgan va bu davr uchun 250 kub metr gaz limiti taqsimlangan.
Oyning ikkinchi yarmida esa 100 kub metr normaning yarmi sifatida 50 kub metr gaz ajratilgan.
50 kub metr gaz uchun arzonlashtirilgan tarif
Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, mart oyining ikkinchi yarmida iste’molchilar 50 kub metr gazni bazaviy me’yor doirasida 1000 so‘mdan to‘lashi mumkin.
Odatda bazaviy me’yor uchun tarif 1800 so‘mni tashkil etadi.
Avval qishki norma 15 martgacha uzaytirilgandi
Eslatib o‘tamiz, sovuq ob-havo sabab qishki gaz limiti avval 15 martgacha uzaytirilgan edi. Keyingi qarorlar esa ob-havo sharoitidan kelib chiqib qabul qilinishi aytilgan.
Shuningdek, o‘tgan yili hukumat mart oyidagi sovuq ob-havo sabab 500 kub metrlik oshirilgan ijtimoiy normani 1-aprelgacha uzaytirgan edi.
Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya beriladi
Hukumat qaroriga ko‘ra ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya ajratiladi.
- elektr energiyasi uchun — bazaviy me’yordan ortiq 150 kVt/soatgacha;
- tabiiy gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda esa 150 kub metrgacha ortiqcha sarf uchun to‘lov qoplab beriladi.