O‘zbekistonda BFQlarni bojsiz olib kirish me’yorlari yangilandi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) bojsiz olib kirish tartibi o‘zgartirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 9-aprel qaroriga tayanib, Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda fuqarolar xorijdan 10 tagacha turdagi BFQni olib kirishlari mumkin. Har bir turdan faqat bitta o‘ramga ruxsat etiladi, ularning umumiy og‘irligi esa 3 kilogrammdan oshmasligi kerak.
Avvalgi qoidalarga ko‘ra, BFQlarni bojsiz olib kirish me’yorlari ularning shakliga qarab belgilanar edi. Jumladan, tabletka yoki kapsula ko‘rinishidagi qo‘shimchalardan 100 donagacha, suyuq shaklda 10 flakongacha, kukun ko‘rinishida 0,5 kg, quritilgan o‘simlik mahsulotlaridan esa 0,5 kg gacha olib kirishga ruxsat berilgan.
Bojxona qo‘mitasi ta’kidlashicha, amaliyotda ba’zi holatlarda bir o‘ramda 100 donadan ortiq BFQ bo‘lgan mahsulotlar uchrab turgani sababli tartib qayta ko‘rib chiqilgan.
Qaror aholining takliflari va real ehtiyojlarini inobatga olgan holda qabul qilingani qayd etildi.