O‘zbekistonda valyuta bozori: talab keskin oshdi, ijobiy saldo $2,9 mlrdga yetdi

2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut $2,9 mlrdni tashkil etdi.
Birinchi chorakda xorijiy valyutaga umumiy talab $14,6 mlrdga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24% ga oshdi. Shu bilan birga, regulyator operatsiyalarisiz shakllangan taklif hajmi $12,2 mlrdni tashkil etib, 27% o‘sishni ko‘rsatdi.
Asosiy talab yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning valyutaga ehtiyoji 23% ga oshgan bo‘lsa, taklif atigi 11% ga o‘sdi. Eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi $4,2 mlrdga yetdi, uning 52% i ichki bozorda sotilgan.
Shuningdek, tijorat banklari xorijiy kreditlar hisobidan ichki bozorga $2,3 mlrd miqdorida valyuta sotdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 65% ga yuqori.
Importni moliyalashtirishda ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Ichki bozordan sotib olingan valyuta ulushi 66,3% ga yetdi. Xarid qilingan mablag‘larning asosiy qismi ishlab chiqarish ehtiyojlari — uskunalar, xomashyo va tovarlar importiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, muhim ulush kreditlarni so‘ndirish va iste’mol tovarlari importiga to‘g‘ri keladi.
Aholi esa valyuta bozorida muhim taklif manbai bo‘lib qolmoqda. Birinchi chorakda fuqarolar banklarga $6 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p. Ular tomonidan sotib olingan valyuta hajmi esa $3,2 mlrdni tashkil etdi.
Natijada jismoniy shaxslar operatsiyalari bo‘yicha ijobiy saldo shakllanib, umumiy bozor muvozanatiga sezilarli hissa qo‘shdi. Bu jarayonda asosiy manba sifatida xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari ajralib turibdi — hisobot davrida mamlakatga $3,8 mlrd mablag‘ kirib kelgan.