O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilandi

O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilandi

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda fuqaroligidan qat’i nazar, barcha jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo) pul o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari yangilandi. Tegishli qaror O‘zbekiston Markaziy banki tomonidanqabul qilindi.
Shuningdek, xorijlik jismoniy shaxslarga mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya qilish hamda meros bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berildi.
Yuridik shaxslar uchun ham qator yengilliklar joriy etildi. Endi ular chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun valyuta sotib olayotganda ortiqcha hujjatlar taqdim etmaydi — faqat qimmatli qog‘oz chiqarilganini tasdiqlovchi hujjat kifoya qiladi.
Bundan tashqari, xorijiy investorlar fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larini o‘z murojaati asosida erkin ravishda chet elga olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Yangi qoidalarga muvofiq, barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar yagona tizimda hisobga olinadi. Shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan valyuta sotib olish uchun berilgan buyurtmalardagi kichik xatolarni tuzatish imkoniyati ham yaratilgan.
Naqd valyuta berish tartibi ham aniqlashtirildi: jismoniy shaxslar o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘lari doirasida cheklovsiz valyuta yechib olishi mumkin. Yuridik shaxslarga esa naqd valyuta faqat belgilangan maqsadlar asosida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank $500 gacha valyutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berish masalasini muhokamaga qo‘ygan edi. Shuningdek, yaqinda Account-to-Account tizimi ishga tushirilib, jismoniy shaxslar o‘rtasida banklararo to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalari yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilandi | 12news