O‘zbekistonda xususiy sektordagi 1,8 mln ayolning atigi 1 foizi dekret ta’tilidan foydalangan

O'zbekistonda byudjet tashkilotlarida 1,4 million ayol faoliyat yuritmoqda va ularning 120 ming nafari dekret ta’tiliga chiqqan.
O‘zbekistonda xususiy sektorda ishlayotgan 1,8 million ayoldan atigi 15 ming nafari, ya’ni qariyb 1 foizi tug‘uruq (dekret) ta’tilidan foydalangan. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
Keltirilishicha, hozirda byudjet tashkilotlarida 1,4 million ayol faoliyat yuritmoqda va ularning 120 ming nafari dekret ta’tiliga chiqqan. Xususiy sektorda band ayollar soni esa ko‘proq bo‘lishiga qaramay, tug‘uruq ta’tilidan foydalanish ko‘rsatkichi ancha pastligicha qolmoqda.
Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, tug‘uruq ta’tili bo‘yicha yangi imkoniyatlarning joriy etilishi nafaqat ayollar, balki tadbirkorlar uchun ham foydali bo‘ladi. Yangi davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi ishga tushirilishi bilan xususiy sektorda ham tug‘uruq ta’tili nafaqalari kafolatlangan mexanizm asosida to‘lanadi. Bu esa ish beruvchilar zimmasidagi ijtimoiy yukni kamaytirib, mehnat munosabatlarida aniqlik va ishonchni oshirish, shuningdek, malakali kadrlarni saqlab qolishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2026-yildan homiladorlik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari yangi tartibda to‘lanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 29-oktyabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Taqdimot davomida xususiy sektorda band bo‘lgan aholining barchasiga homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘liq to‘lanmayotgani, bu esa mahsulot tannarxining oshishi va raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan.
Rejalarga ko‘ra, rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi. 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqalari, 2026-yilning ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab borilishi belgilangan.
Sizga yoqadi


