O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshishda davom etyapti

2025-yilning uchinchi choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga yuqori. Bu haqda Markaziy bankma’lum qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot choragida Boltiqbo‘yi davlatlari hamda boshqa mintaqalardan (AQSh, Rossiya, Yevropa va Osiyo davlatlaridan tashqari) amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etgan. Xususan, mazkur yo‘nalishlardan yuborilgan mablag‘lar hajmi qariyb 40 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Yevropa, Rossiya va Osiyo mamlakatlaridan O‘zbekistonga kelayotgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha o‘sish sur’atlarining sekinlashish tendensiyasi saqlanib qolgan.
Qayd etilishicha, tashqi mehnat bozorlarida, xususan Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan iqtisodiy jarayonlar hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim rol o‘ynamoqda. Bu holat mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining asosiy yo‘nalishlari Osiyo, Yevropa va AQSh mamlakatlari hisobiga kengayib bormoqda. Xususan, 2025-yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni yil boshiga nisbatan 0,4 foizga oshib, 95,3 ming nafarga yetgan.
Sizga yoqadi


