O‘zbekistonlik shaxmatchilar mukofot pullari bo‘yicha dunyo TOP-10ligiga kirdi

2025 yilda o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha eng ko‘p mukofot puli ishlab topgan dunyoning kuchli o‘ntaligidan joy oldi.
2025 yilda o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha eng ko‘p mukofot puli ishlab topgan dunyoning kuchli o‘ntaligidan joy oldi. Har ikki shaxmatchining yillik daromadi 350 ming dollardan oshdi.
Chess.com portali e’lon qilgan ma’lumotlargako‘ra, Nodirbek Abdusattorov 2025 yil davomida 16 ta yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, jami 361,8 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli ishlab topgan. Bu ko‘rsatkich unga dunyo shaxmatchilari orasida daromadlar bo‘yicha 9-o‘rinni egallash imkonini berdi.
Ta’kidlanishicha, Abdusattorovning 2024 yildagi mukofot pullari qariyb 133 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil ichida bu summa deyarli uch barobarga oshgan. Uning 2025 yildagi eng yirik yutug‘i 85 ming dollar bo‘lib, shuningdek, London Classic turniridagi g‘alabasi shaxmatchining xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirdi.
Yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster — Javohir Sindarov 11 ta turnir yakuniga ko‘ra 349,9 ming dollar mukofot puli ishlab topib, daromadlar bo‘yicha jahon reytingida 10-o‘rinni egalladi. Uning yil davomidagi eng katta muvaffaqiyati FIDE Jahon kubogidagi g‘alaba bo‘lib, ushbu turnir Sindarovga 120 ming dollar daromad keltirdi.
2025 yilda mukofot pullari bo‘yicha yetakchilikni norvegiyalik shaxmatchi Magnus Karlsen qo‘lga kiritdi — u bir yil davomida 1,46 million dollar ishlab topgan. Undan keyingi o‘rinlarda Fabiano Karuana (890 ming dollar) va Levon Aronyan (750 ming dollardan ortiq) joylashgan.
Shuningdek, 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra FIDE klassik reytingida dunyoning eng kuchli 100 nafar shaxmatchisi qatoridan O‘zbekistonning besh vakili o‘rin oldi:
- Nodirbek Abdusattorov — 2751 reyting balli, 12-o‘rin;
- Javohir Sindarov — 2726 ball, 21-o‘rin;
- Nodirbek Yakubboev — 2691 ball, 36-o‘rin;
- Rustam Qosimjonov — 2664 ball, 51-o‘rin;
- Shamsiddin Vohidov — 2644 ball, 77-o‘rin.
Sizga yoqadi


