O‘zbekistonliklar AQSH fermalarida oyiga $3500 maosh bilan ishlashi mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi fuqarolarni AQSHga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Agentlik matbuot xabariga ko‘ra, tomonlar H-2A vizasi orqali o‘zbekistonliklarni uyushgan holda qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilishni muhokama qilgan. Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi va USA Farm Labor o‘rtasida tegishli kelishuv imzolangan.
Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9–10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashi mumkin. Ish beruvchilar shuningdek, ishchilarga yashash joyini ham ta’minlaydi. Qabul jarayonida malakali mutaxassislarga ustunlik beriladi.
Agentlik rahbari Behzod Musayev o‘tgan hafta USA Farm Labor tashkiloti asoschisi Manuel Fik bilan onlayn muzokaralar o‘tkazgan. Bu Amerika tomoni bilan birinchi shunday kelishuv ekanligi ta’kidlandi.
Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi. Shuningdek, prezident Yevropa davlatlari, Yaponiya va Ummon bilan migratsiya bo‘yicha hukumatlararo bitimlar tuzishni ham belgilagan.
USA Farm Labor 2003-yilda AQSH fermer xo‘jaliklariga vaqtinchalik va mavsumiy ishchilarni jalb qilish uchun tashkil etilgan. Tashkilot ish beruvchilarga chet ellik ishchilarni yollash, nomzodlarni tanlash, vizalarni rasmiylashtirish va ishchilarni joylashtirishda yordam beradi.
Avvalroq Chexiya ham O‘zbekiston fuqarolariga yiliga 150 ta mehnat vizasi berishi, keksalarni parvarishlash sohasida hamshiralar va xodimlarni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar berilgan.