Poyezd kechiksa, pul qaytariladi

O‘zbekistonda mahalliy poyezdlar kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Bu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar poyezd tashuvchi aybi bilan kechiksa, yo‘lovchilarga chipta narxining bir qismi yoki to‘liq summasi qaytarib beriladi:
- 15–30 daqiqa kechiksa — 15% kompensatsiya
- 31–60 daqiqa — 25%
- 61–120 daqiqa — 50%
- 121 daqiqadan ortiq — 100% (to‘liq qaytarish)
Hozirgacha mazkur tartib faqat yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob poyezdlariga nisbatan amal qilib kelgan edi. Yangi o‘zgarishlar esa barcha mahalliy — oddiy va tezyurar poyezdlarni ham qamrab oladi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan ushbu qoidalarning yangilangan tahriri ishlab chiqilmoqda.
Ushbu yangiliklar yo‘lovchilar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, temiryo‘l xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan.