Qora bozor mahsuloti: nima uchun bitta chumoli $200 dan qimmat?

Qora bozor mahsuloti: nima uchun bitta chumoli $200 dan qimmat?

Keniyada ona chumoli kontrabandasi avj oldi: bitta chumoli $220ga sotilyapti.

Keniyaning Rift vodiysidagi Gilgil shaharchasi global qora bozorni ona chumolilar bilan ta’minlayotgan markazga aylangan. Mutaxassislar yomg‘irlar mavsumida chumolilarning ommaviy ovlanishi avj olganini ma’lum qilmoqda.
Internetda bitta urug‘langan ona chumoli $220 gacha sotilmoqda. Bu chumolilar 50-70 yil yashay oladi va butun koloniya yaratish qobiliyatiga ega. Shu bois, ular kolleksionerlar orasida katta talabga ega.
2025-yilda Nayvasha shahridagi mehmonxonalardan birida Belgiya, Vyetnam va Keniya fuqarolaridan iborat jinoiy guruh ushlangan, ulardan 5 000 dona tirik ona chumoli musodara qilingan. Nayrobi aeroportida esa yana bir Xitoy fuqarosi 2 000 dona chumoli bilan qo‘lga olingan. Qo‘lga olinganlar “bioqaroqchilik”da ayblanib, qariyb $7 700 jarima to‘lagan.
Mutaxassislar ikki tomonlama xavfga urg‘u bermoqda: birinchidan, Keniyada chumolilarning ommaviy ovlanishi biologik xilma-xillikni kamaytiradi; ikkinchidan, boshqa mamlakatlarga olib ketilgan chumolilar mahalliy qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazishi mumkin.
Keniya hukumati chumoli savdosini nazorat ostiga olish va iqtisodiy foyda ko‘rish niyatida. 2025-yilda Vazirlar Mahkamasi yovvoyi tabiatni tijoratlashtirish siyosatini tasdiqlagan. Kelajakda Gilgil atrofidagi fermerlar formikariylar tashkil etib, chumolilarni xalqaro kolleksionerlarga qonuniy eksport qilishi rejalashtirilmoqda.
Hozircha hech kim rasmiy ruxsatnoma olishga murojaat qilmagan.
Qora bozor mahsuloti: nima uchun bitta chumoli $200 dan qimmat? | 12news