Renovatsiyada 80% rozilik mulkdorlar soni bo‘yicha hisoblanadi

O‘zbekistonda renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda mulkdorlarning kamida 80% roziligi talab etiladi va bu ko‘rsatkich ularning sonidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi vakili Kamron Nigmatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, har bir uy-joy egasi mulk maydoni yoki ulushidan qat’i nazar, alohida subyekt sifatida qaraladi. Ya’ni, katta yoki kichik xonadon egalari bir xil ovozga ega bo‘ladi.
Mazkur tartib mulkdorlar o‘rtasida tenglikni ta’minlash va ayrim yirik mulk egalarining ustunlikka ega bo‘lib qolishining oldini olishga qaratilgan. Shuningdek, bu yondashuv renovatsiya jarayonida shaffoflik va ijtimoiy adolatni kuchaytiradi.
Qonunchilikka ko‘ra, investitsiya kompaniyalari loyihani boshlashi uchun kamida 80% mulkdor bilan notarial tasdiqlangan kelishuvga erishishi lozim. Biroq buzish va qurilish ishlari faqat 100% kompensatsiya to‘lab berilgandan keyin amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan bo‘lib, u kuchga kirishi uchun prezident imzosi talab etiladi.