Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” turizm markazida 1,7 km uzunlikdagi kanat yo‘li qurilishi boshlandi

Yangi kanat yo‘lining umumiy uzunligi 1700 metrni tashkil etadi.
Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand (“Buyuk ipak yo‘li”) xalqaro turizm markazi hududida yangi kanat yo‘li qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat Turizm boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi kanat yo‘lining umumiy uzunligi 1700 metrni tashkil etadi. Tizim 35 ta kabinadan iborat bo‘lib, har bir kabina 10 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi.
- Harakat tezligi: 5 metr/sekund
- O‘tkazuvchanlik quvvati: soatiga 1500 nafargacha yo‘lovchi
Loyiha hudud bo‘ylab harakatlanishni yanada qulaylashtirish, sayyohlarga qo‘shimcha manzara va dam olish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan. Shuningdek, u turizm infratuzilmasini rivojlantirish va tashrif buyuruvchilar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur turizm markazi 2022-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida qurilgan. Umumiy qiymati 353 million dollarga baholangan majmua eshkak eshish kanali hududida joylashgan.
Markaz tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Kongress-xoll
- 8 ta mehmonxona
- “Abadiy shahar” tarixiy-madaniy majmuasi
- Dam olish maskanlari va boshqa obyektlar
Samarqandda kanat yo‘li qurish rejasi ilk bor 2019-yilda e’lon qilingan edi. O‘shanda loyiha 5,5 km uzunlikda, 3 ta stansiyadan iborat bo‘lishi va shahar markazigacha yetib borishi rejalashtirilgandi. Yangi loyiha esa aynan turizm markazi hududini qamrab oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Samarqandga 3 milliondan ortiq xorijiy va 5,3 million mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Turizm xizmatlari eksporti 606 million dollarga yetgan.
2026-yilda esa shaharga 5 million xorijiy va 6 million mahalliy sayyohni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, viloyatda 8 ta yangi turizm ko‘chasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning 2 tasi aprel oyigacha, qolgan 6 tasi yil oxirigacha foydalanishga topshiriladi.
Yangi kanat yo‘li loyihasi aynan shu ulkan maqsadlarga erishishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda