Sea Breeze Uzbekistan loyihasi uchun olingan yerlar bo‘yicha kompensatsiya to‘landi

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi uchun olingan yerlar bo‘yicha kompensatsiya to‘landi

Agalarov Development ishtirokidagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida yerlari olingan fermerlarga kompensatsiya to‘lovlari to‘liq amalga oshirildi.

Kompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, loyiha uchun jalb qilingan yer uchastkalari evaziga ajratilgan mablag‘lar avval Toshkent viloyati hokimligi hisobiga o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, belgilangan tartibda fermer xo‘jaliklariga kompensatsiya to‘lab berilgan.
Manbaga ko‘ra, ayrim fermerlar ham investitsiya loyihasi doirasida olingan yerlari uchun to‘lov olganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Sea Breeze Uzbekistan sayyohlik majmuasi Bo‘stonliq tumani hududida 577 gektar maydonda barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha 2025-yilda Investitsiyalar bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan eng maqbul taklif sifatida tanlangan.
Mazkur majmua uchun yer uchastkalari 25 yil muddatga, uzaytirish huquqi bilan ijaraga berilgan. Kompensatsiya to‘lovlari esa loyihaga jalb etilgan yer egalari va foydalanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida amalga oshirilgan.
Avvalroq to‘lovlar yangi baholash metodikasi joriy etilgani sababli kechikayotgani aytilgandi. Yangi tizimga ko‘ra, yer qiymati nafaqat maydon, balki undan foydalanish huquqi, hosildorlik darajasi va daraxtlar qiymatini ham hisobga olgan holda aniqlangan.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi uchun olingan yerlar bo‘yicha kompensatsiya to‘landi | 12news