SI daromadlar tengsizligini kuchaytirishi mumkin — MHTI

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) joriy etilishi bilan bog‘liq asosiy xavflarni tahlil qilib, muhim ogohlantirish bilan chiqdi. Institutga ko‘ra, mamlakat uchun asosiy xatar ish o‘rinlarining qisqarishi emas, balki daromadlar tengsizligining kuchayishidir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, SI texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari hamma uchun teng emas. Infratuzilma va raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha tafovutlar — ayniqsa, shahar va qishloq o‘rtasida — iqtisodiy farqlarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Shuningdek, kichik va o‘rta biznesda resurslar yetishmasligi ham muhim muammo sifatida qayd etilgan. Bu korxonalar mamlakat iqtisodiyotining asosiy qismini tashkil etsa-da, SI’dan foydalanish imkoniyatlari cheklangan.
Xalqaro baholashlarga ko‘ra, SI mehnat unumdorligidagi tafovutlarni oshirib, yuqori malakali va kam malakali ishchilar o‘rtasidagi daromad farqini kengaytirishi mumkin.
Shu bois MHTI davlat siyosati faqat SI’ni rivojlantirishga emas, balki uni keng qatlamlar uchun ochiq va inklyuziv tarzda joriy etishga qaratilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Aks holda, texnologik taraqqiyot ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi mumkin.
Institut quyidagi choralarni ilgari surmoqda:
- aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda yordam beruvchi SI-assistentlarni joriy etish
- hududlarda SI sinov maydonchalarini tashkil qilish
- yoshlar va ayollar uchun amaliy raqamli ko‘nikmalar dasturlarini kengaytirish
- SI ta’sirida qolgan xodimlar uchun qayta tayyorlash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish
Mutaxassislar fikricha, aynan manzilli va inklyuziv siyosat orqali SI’ning salbiy ta’sirlarini kamaytirish va undan keng jamoatchilik manfaatida foydalanish mumkin.