SQB Burak O‘zchivitni brend-ambassador sifatida jalb etish uchun 4,86 mlrd so‘mlik tender e’lon qildi

O‘zsanoatqurilishbank yirik reklama loyihasini boshlamoqda.
O‘zsanoatqurilishbank turk aktyori Burak O‘zchivitni bank brend-ambassadori sifatida jalb etish bo‘yicha yirik tender e’lon qildi. Mazkur tenderning boshlang‘ich qiymati 4,86 milliard so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlov eng yaxshi takliflarni saralash asosida o‘tkaziladi. Tender hujjatlarida g‘olib kompaniya aktyor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, uni bankning rasmiy brend-ambassadori sifatida jalb qilishi belgilangan.
Loyiha doirasida ikki yilgacha hamkorlik qilish, aktyor ishtirokida foto va video kontentlar ishlab chiqish, shuningdek, ushbu materiallardan reklama va PR kampaniyalarida foydalanish rejalashtirilgan.
Tender shartlariga muvofiq, tanlov g‘olibi deb topilgan ishtirokchi 5 kun ichida aktyor bilan imzolangan rasmiy kelishuvni taqdim etishi lozim. Bu esa ishtirokchilardan oldindan muzokaralar olib borilgan bo‘lishini talab etadi.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, umumiy to‘lovning 50 foizi oldindan amalga oshiriladi, qolgan qismi esa bajarilgan ishlar bosqichma-bosqich yakunlangach to‘lanadi.