Surxondaryoda $100 mln o‘quv markazlariga yo‘naltiriladi

Prezident Surxondaryoda turizm marshruti ishlab chiqilib, Yaponiya muzeyi, o‘zbek-yapon oshxonasi va bog‘ tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat turizm salohiyatidan samarali foydalanib, yiliga $1 mlrd tushumga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Yaponiya turagentlari bilan hamkorlikda yangi turizm marshruti ishlab chiqiladi. Shuningdek, Yaponiya muzeyi, o‘zbek-yapon oshxonasi va Yapon bog‘i tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ta’lim sohasida esa O‘quv markazlari uyushmasiga $100 mln jalb qilinadi. Mablag‘lar xususiy o‘quv markazlari uchun arzon kredit, subsidiya va ijara kompensatsiyasiga yo‘naltiriladi. Uyushmaga a’zo markazlarga soliq imtiyozlari berilib, o‘qituvchilarni xorijda stajirovkaga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.