Tibbiyot xodimlariga ipoteka va farzandlari uchun ta‘lim kompensatsiyasi beriladi

Tibbiyot xodimlariga ipoteka va farzandlari uchun ta‘lim kompensatsiyasi imtiyozlar joriy qilinmoqda.
Davlat tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy va ta‘lim xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi imtiyozlar taqdim etadi. Har yili 500 nafar xodim ipoteka krediti bo‘yicha uy sotib olganda dastlabki badalning 25%i qoplab beriladi. Shu bilan birga, xodimlarning farzandlari bakalavriat kontrakti uchun yillik to‘lovning 30%igacha kompensatsiya oladi, lekin bu miqdor 6,18 mln so‘mdan oshmasligi kerak.
Moliyalashtirish Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi va barcha arizalar subsidiya.mf.uz platformasi orqali tanlov asosida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, 2026-yildan boshlab xodimlar uchun barcha davlat xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar ikki barobarga kamayadi.
Fikr-mulohazalar joriy yilning 9-apreligacha qabul qilinadi.