Timur Musin restoranlarini sotuvga qo‘ydi: umumiy qiymati qariyb $25 mln

Timur Musin restoranlarini sotuvga qo‘ydi: umumiy qiymati qariyb $25 mln

Timur Musinga tegishli bir nechta mashhur restoran va obyektlar sotuvga qo‘yildi. E’lonlar OLX Uzbekistan platformasida joylashtirilgan bo‘lib, ular orasida Palov muzeyi, Caravan restorani hamda Cinara’s restorani bor.

13-aprel kuni joylangan e’londa Palov muzeyining sotilishi ma’lum qilingan. Ushbu obyekt 5800 kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, besh qavatdan iborat. Shuningdek, restoran hududiga kanal bo‘yidagi 20 sotix obodonlashtirilgan yer ham kiradi. Obyekt barcha zarur hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan. Uning narxi 150 milliard so‘m etib belgilangan. Qiziq jihati shundaki, uni 1100 kvadrat metrdan boshlab qismlarga bo‘lib sotib olish imkoniyati ham mavjud.
Bugun yana ikki obyekt sotuvga qo‘yildi. Ulardan biri — Caravan bo‘lib, u 7 sotix yerda joylashgan va umumiy maydoni 1800 kvadrat metrni tashkil etadi. Restoran qishda 250 nafargacha, yozda esa 490 nafargacha mehmonni qabul qila oladi. Ushbu obyektning narxi 45 milliard so‘m deb baholangan.
Yana bir e’lon Cinara’sga tegishli. U Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lib, 80 sotix yer maydonini egallaydi. Binoning umumiy maydoni (yer osti va birinchi qavatlar) 1400 kvadrat metrni tashkil etadi. Restoran 99 milliard so‘mga sotuvga chiqarilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihalarning har biri o‘rtacha 7 yil ichida o‘zini oqlashi kutilmoqda. Uchala obyektning umumiy qiymati esa 294 milliard so‘mga, ya’ni taxminan 24,3 million AQSh dollariga teng.
Timur Musin restoranlarini sotuvga qo‘ydi: umumiy qiymati qariyb $25 mln | 12news