Toshkent va atrofida yangi issiqxonalarni 1-oktabrdan qurish cheklanadi

2026-yil 1-oktabrdan Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxonalar tashkil etish cheklanadi.
Shu bilan birga, mavjud issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklif qilinmoqda.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimotida ma’lum qilgan.
Taqdimotda qayd etilishicha, Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklari soni juda ko‘p va ular orasida isitish manbai sifatida ko‘mir, mazut yoki nostandart yoqilg‘idan foydalanadiganlar ham yetarlicha. Bu esa NO2, SO2 va PM2,5 kabi zararli moddalar havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Toshkent hududida quyosh nurlanishi pastligi sababli issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajatlari yuqori. Masalan, yanvar oyida o‘rtacha harorat Toshkentda 6°C, Termizda esa 10,8°C. 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 mln so‘m, Surxondaryoda esa 4,9 mln so‘mni tashkil qiladi.
Shundan kelib chiqib, mahsulotlarni quyosh nurlanishi yuqori va tabiiy-iqlimi qulay hududlarda yetishtirish tavsiya qilinmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda qish yumshoq, isitish xarajatlari past bo‘lgani uchun mahsulot tannarxi keskin kamayadi.
Yangi cheklov bilan birga, ko‘chiriladigan issiqxonalar uchun infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan.