Toshkent viloyatida $5 mlrdlik tog‘-chang‘i zonasi va tibbiyot shaharchasi barpo etiladi

Toshkent viloyatida $5 mlrdlik tog‘-chang‘i zonasi va tibbiyot shaharchasi barpo etiladi

8-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hududda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” va “Beldersoy” kurortlari xalqaro darajaga chiqayotgani ta’kidlanib, shunga o‘xshash turizm loyihalarini boshqa tog‘li hududlarda ham rivojlantirish rejalari belgilandi. Xususan:
  • Parkent tumanida “Oltin bel” hududida zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti quriladi
  • Ohangaronda “Moviy tog‘lar” dam olish maskani kengaytiriladi
  • Angren, Yangiobod va Lashkarak hududlarida “turizm qishloqlari” tashkil etiladi
  • Bekobodda ekologik va ov turizmi rivojlantiriladi
Bu loyihalar natijasida viloyatda mehmonlar uchun joylar soni 35,5 ming o‘ringa yetkaziladi. Shuningdek, turizm eksportini 600 mln dollarga, sayyohlar sonini esa 16,5 millionga yetkazish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda infratuzilmani yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan:
  • 39 ta mahalla ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi
  • 166 km dan ortiq eski suv tarmoqlari yangilanadi
  • 443 km elektr tarmoqlari almashtiriladi
Bundan tashqari, yirik investitsion loyihalar ham rejalashtirilgan:
  • Yuqori Chirchiq tumanida 5 milliard dollarlik “Tashkent Medical Smart City” tibbiyot shaharchasi quriladi
  • Nurafshonda 35,4 mln dollarlik Kelajak texnologiyalari markazi barpo etilib, 100 dan ortiq xorijiy IT kompaniyalar jalb qilinadi
  • 670 o‘rinli zamonaviy tibbiyot klasteri tashkil etiladi
Toshkent viloyatida $5 mlrdlik tog‘-chang‘i zonasi va tibbiyot shaharchasi barpo etiladi | 12news