Toshkent xalqaro aeroporti bir nechta taksi xizmatlariga birinchi yo‘lakka kirishga ruxsat berdi

Toshkent xalqaro aeroporti hududida birinchi yo‘lakdan yo‘lovchilarni olib ketish uchun bir nechta taksi xizmatlariga ruxsat berildi.
Ma’lumqilinishicha, endi Yandex Go, Taxi Millennium, Let’s Trip, Taxi Airport Tashkent, Uzviptransservice hamda Sixt taksi aggregatori uchib kelish terminali oldidagi birinchi yo‘lakdan yo‘lovchilarni olib ketishi mumkin. Ushbu xizmatlar hududga bepul kirish huquqiga ega bo‘lib, birinchi yo‘lakda yo‘lovchilarni 20 daqiqa kutib turishi mumkin.
Aeroport ma’muriyati xabariga ko‘ra, mazkur aggregatorlar uchun maxsus tarif joriy etilgan bo‘lib, shahar ichidagi yo‘nalishlarga sayohatlar 50 ming so‘mdan boshlanadi.
Yo‘lovchilar Yandex Go haydovchilarini ilova orqali, boshqa aggregatordagi haydovchilarni esa uchib kelish zalidagi dispetcher orqali chaqira oladi.
Toshkent xalqaro aeroportida boshqa avtomobillar uchun ikkinchi yo‘lak mavjud bo‘lib, unda avtomobillar 10 daqiqa davomida yo‘lovchilarni kutib turishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025‑yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 5 trillion so‘mdan oshdi, aggregatörlar soni esa yil boshidan 60 taga oshib, 215 taga yetdi.
Sizga yoqadi


