Toshkentda 25-apreldan 4 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgartiriladi

Toshkentda 25-apreldan 4 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgartiriladi

Toshkent shahrida 25-apreldan boshlab 106, 7, 141 va 103-sonli avtobus yo‘nalishlarida o‘zgarishlar joriy etiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Mazkur o‘zgarishlar yo‘nalishlar takrorlanishini kamaytirish, harakat intervalini qisqartirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishgaqaratilgan.

106-yo‘nalish qisqartiriladi

106-sonli avtobusning harakat yo‘nalishi qisqartiriladi. Avval “Saodat” savdo markazidan Toshkent xalqaro aeroportigacha qatnagan avtobus endilikda faqat “Uchxoz mahallasi” va aeroport oralig‘ida harakatlanadi.
Ma’lum qilinishicha, aeroportdan “Saodat” savdo markazigacha bo‘lgan yo‘nalishda allaqachon bir nechta avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun muqobil variantlar yetarli.

7-yo‘nalishning harakat sxemasi yangilanadi

7-sonli avtobusning Yunusobod hududidagi harakati o‘zgartiriladi. Endilikda u Yangi shahar va Rixsiliy ko‘chalari orqali harakatlanadi hamda Amir Temur ko‘chasiga chiqmaydi.
Ushbu hududda boshqa avtobus yo‘nalishlari mavjudligi sababli yo‘lovchilarga muqobil transport imkoniyatlari saqlanib qoladi.

141-yo‘nalish qisman o‘zgartiriladi

141-sonli “Karvon bozori” — Paxtakor metro bekati yo‘nalishida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Endi avtobus Paxtakor bekatidan Botir Zokirov va Alisher Navoiy ko‘chasi orqali harakatlanib, “Alisher Navoiy kinoteatri” bekati tomonga yo‘naltiriladi.

103-yo‘nalish ham yangilanadi

103-sonli “Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi” yo‘nalishida ham o‘zgarish kiritiladi. Endilikda avtobus Furqat ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasi orqali harakatlanadi va Milliy drama teatri bekatiga kirmaydi.
Mutasaddilar qayd etishicha, ushbu o‘zgarishlar bir-birini takrorlaydigan yo‘nalishlarni optimallashtirish, transport oqimini tartibga solish hamda yo‘lovchilar uchun yanada qulay tizim yaratishga xizmat qiladi.
Toshkentda 25-apreldan 4 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgartiriladi | 12news